Strategik islohotlar agentligida Agentlik direktori Baxodir Raxmatovning xalqaro konsultantlar – Alfred Guzenbauer, Aleksandr Kvasnevskiy va Shtefan Fyule bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: Alfred Guzenbauer 2000-yillarda Avstriya Federal kansleri bo‘lib faoliyat yuritgan. Aleksandr Kvasnevskiy Polsha Prezidenti bo‘lgan. Shtefan Fyule Yevropa Ittifoqining kengayish va yaxshi qo‘shnichilik siyosati masalalari bo‘yicha komissari lavozimida muvaffaqiyatli ishlagan.
Uchrashuv boshida B.Raxmatov xalqaro konsultantlarni Agentlik faoliyatining yo‘nalishlari, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-martdagi PQ-109-son qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, hududlar salohiyati va “o‘sish nuqtalarini” aniqlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, shuningdek xorijiy konsultant va ekspertlar jalb etishda muvofiqlashtiruvchi organ sifatidagi faoliyati bilan tanishtirdi.
Uchrashuv davomida islohotlar dasturini amalga oshirishda xorijning ilg‘or tajribasini o‘rganish va joriy etish, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish, O‘zbekiston iqtisodiyotiga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish, Yevropa ishbilarmon doiralari bilan sheriklikning samarali mexanizm va vositalarini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Xalqaro konsultantlar tomonidan uchrashuv davomida bildirilgan takliflar asosan hududiy masalalarni hal qilish uchun vazirlik va idoralarning markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari hamda hokimliklar o‘rtasida muloqot platformasini yaratish, nomarkazlashtirish islohotini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun mahalliy hokimliklarning moliyaviy mustaqilligini oshirish, bunda ayrim turdagi soliqlar, turli jarimalardan kelib tushadigan mablag‘lar, ayrim turdagi majburiy to‘lov va yig‘imlarni mahalliy byudjetlarga yo‘naltirish masalalariga bag‘ishlangan edi.
Bundan tashqari, mahalliy ijro organlarining salohiyatini tizimli ravishda oshirib borish, ularni boshqaruv bo‘yicha zamonaviy ko‘nikmalarga o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yish taklifi ham atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida yaqin hamkorlik va faol almashinuvlarni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.